If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Fosforning davriy aylanishi

Biosfera boʻylab fosforning sekin harakatlanishi. Fosforli oʻgʻitlar qanday qilib oʻlik suv zonalari yuzaga kelishiga sabab boʻlishi mumkinligi.

Asosiy tushunchalar

  • Fosfor inson va boshqa organizmlarning makromolekulalarida, shu jumladan, DNKda uchraydigan muhim ozuqa moddasidir.
  • Fosforning aylanish davri sekin. Tabiatda mavjud fosforning koʻpgina qismi fosfat ioni (PO43) shaklida boʻladi.
  • Fosfor koʻpincha suvli ekotizimlarda uchraydigan cheklangan ozuqa yoki eng tanqis boʻlgan va shu tariqa oʻsishni cheklaydigan ozuqa moddasidir.
  • Azot va fosforli oʻgʻitlar koʻllar va okeanlarga oqib tushganda, ular eutrofikatsiya – suvoʻtlarning koʻpayishiga olib kelishi mumkin. Suvoʻtlar suvdagi kislorodni tugatib qoʻyishi va oʻlik zonani yaratishi mumkin.

Kirish

Fosfor biz uchun juda muhimmi? Javob tanangizda DNK, hujayra membranalari yoki suyaklar borligidan qanchalik mamnun ekanligingizga bogʻliq. Savolga aniq “ha” deb javob bersangiz kerak-a?!
Fosfor tirik organizmlar uchun muhim ozuqaviy modda hisoblanadi. U DNK kabi nuklein kislotalarning va hujayra membranalarini hosil qiluvchi fosfolipidlarning asosiy qismidir. Suyaklarimizning tayanch tarkibi boʻlgan kalsiy fosfat tarkibida ham fosfor mavjud.
Tabiatda fosfor koʻpincha cheklangan ozuqa, boshqacha qilib aytganda, manbasi kam boʻlgan va oʻsishni cheklaydigan ozuqaviy modda hisoblanadi va bu, ayniqsa, chuchuk suv ekotizimlari uchun toʻgʻri keladi.

Fosforning tabiiy davriy aylanishi

Fosforning davriy aylanishi suv, uglerod va azot kabi boshqa biogeokimyoviy davriy aylanishlarga nisbatan sekin hisoblanadi.1
Tabiatda fosfor asosan PO43 – fosfat ionlari shaklida boʻladi. Fosfat birikmalari choʻkindi jinslarda uchraydi va jinslarning yemirilishi, nurashi taʼsiri tufayli uzoq vaqt davomida ishqorlanib, ular tarkibidagi fosfor asta-sekin suv yuzalari va tuproqlarga singib ketadi. Garchi uglerod, azot, oltingugurt va boshqa elementlar kabi fosfor haqiqiy gaz fazasiga ega boʻlmasa-da, vulqon kuli, aerozol va mineral changlar fosforning muhim manbalari boʻlishi mumkin.
Tuproqdagi fosfat birikmalari oʻsimliklar tomonidan soʻrilishi va oʻsimliklardan oʻtxoʻr hayvonlarga oʻtishi mumkin. Oʻsimlik va hayvonlar oʻzlaridan chiqindi va qoldiqlar ajratib chiqarganda yoki nobud boʻlganda fosfatlar detritofaglar tomonidan isteʼmol qilinishi yoki tuproqqa qaytarilishi mumkin. Fosforli birikmalar daryolar, koʻllar va okeanlarga yerusti oqimi bilan oqib quyilishi va suv organizmlariga oʻtishi mumkin.
Dengiz organizmlari yoki ularning chiqindilari tarkibidagi fosforli birikmalar okean tubiga choʻkkanda, ular yangi choʻkindi qatlamlarini hosil qiladi. Uzoq vaqt davomida fosfor tutuvchi choʻkindi jinslari okeandan quruqlikka koʻtarilish deb nomlangan geologik jarayon orqali koʻchishi mumkin. Biroq bu jarayon juda sekin boʻlib, fosfat ionining okeandagi oʻrtacha yashash davri 20000 dan 100000 yilgacha boʻlgan vaqtni oʻz ichiga oladi.
Ushbu rasmda fosforning davriy aylanishi koʻrsatilgan. Fosfor vulqon aerozollari orqali atmosferaga chiqadi. Ushbu aerozol yogʻingarchilik natijasida quruqlikdagi oziq toʻrlariga kiradi. Quruqlikdagi oziq toʻrlariga kirgan fosforning bir qismi irmoq va koʻllarda eriydi, qolgan qismi tuproqqa kiradi. Fosforning yana bir manbai oʻgʻitlardir. Fosfor okeanga ishqorlanish va suv oqimi tufayli kiradi va okean suvida erib, dengiz oziq toʻrlariga kiradi. Fosforning ozroq qismi okean tubiga tushib, u yerda choʻkindiga aylanadi. Agar koʻtarilish sodir boʻlsa, ushbu choʻkindi quruqlikka qaytishi mumkin.
“Biogeokimyoviy sikllar”. Manba: Biogeochemical cycles: Figure 5 / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0; muallif: Jon M. Evans va Hovard Perlman, USGS

Eutrofikatsiya va oʻlik zonalar

Qishloq xoʻjaligida, maysazorlar va bogʻlarda qoʻllanadigan koʻp oʻgʻitlarning tarkibida azot va fosfor mavjud boʻlib, ular suvning yuza oqimi orqali suv ekotizimlariga oʻtishi mumkin. Oqim paytida oqib borgan oʻgʻit, ilgari azot yoki fosfor manbaidan cheklangan suvoʻtlarning yoki boshqa mikroblarning haddan tashqari koʻpayishiga olib kelishi mumkin. Ushbu hodisa eutrofikatsiya deb ataladi. Baʼzi hollarda azot emas, fosfor eutrofikatsiyaning asosiy omili boʻladi.2
Nega eutrofikatsiya zararli hisoblanadi? Baʼzi suvoʻtlar suvning taʼmi yoki hidini yomonlashtiradi yoki zaharli birikmalar hosil qiladi.2 Bundan tashqari, barcha suvoʻtlar nobud boʻlganda va mikroblar ularni parchalaganda, parchalash jarayonida koʻp miqdorda kislorod sarflanadi. Kislorod isteʼmolining bunday tez oshib ketishi suvda erigan kislorod miqdorini keskin pasaytiradi va gipoksiya – kislorod yetishmovchiligiga olib kelib, mollyuska va baliqlarning qirilishiga sabab boʻlishi mumkin.
Ozuqa moddalarining oqib kelganligi bois kislorod yetishmovchiligiga uchragan koʻllar va okeanlarning hududlari oʻlik zonalar deb nomlanadi. Oʻlik zonalar soni bir necha yillar davomida oʻsib bordi va 2008-yilda 400 dan ortiq oʻlik zonalar mavjud edi. Eng yomon oʻlik zonalardan biri AQSH sohillaridagi Meksika koʻrfazida joylashgan. Mississipi daryosi havzasidan oʻgʻitlarning oqib oʻtishi 8463 kvadrat mildan ortiq oʻlik zonani yaratdi. Quyidagi rasmda koʻrib turganingizdek, oʻlik zonalar butun dunyoda yuqori industrializatsiya va aholi zichligi yuqori boʻlgan joylarda uchraydi.
Jahon xaritasida oʻlik zonalar paydo boʻlgan hududlar koʻrsatilgan. Oʻlik zonalar AQSHning sharqiy va gʻarbiy sohillari, Shimoliy va Oʻrta Yer dengizlari va Osiyoning sharqiy sohillarida joylashgan.
Oʻlik suv zonalari. Manba: Biogeochemical cycles: Figure 6 / OpenStax College, Concepts of Biology, CC BY 4.0; asl manba: “Aquatic dead zones”, muallif: Robert Simmon va Jesse Allen, NASA Earth Observatory
Eutrofikatsiyani qanday kamaytirish yoki oldini olish mumkin? Oʻgʻitlar, tarkibida fosfor boʻlgan yuvish vositalari va nomuvofiq yoʻq qilingan oqova suvlar eutrofikatsiyaga olib keluvchi azot va fosforning manbai boʻlishi mumkin. Oʻgʻitlardan foydalanishni kamaytirish, fosforli yuvish vositalarini yoʻq qilish va oqova suvlarning, masalan, kanalizatsiya oqovalarining suv yoʻllariga qoʻshilmasligini taʼminlash bu shaxslar, kompaniyalar va hukumatlar eutrofikatsiyani kamaytirishda qoʻllashi mumkin boʻlgan usullardir.3,4