If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Mendel qonunlaridagi xilmaxillik (umumiy tushunchalar)

Ushbu qonunlardagi kengaytmalar, istisnolar va tuzatishlar. Mendel qonunlari, jumladan, koʻplab allellar, chala dominantlik, kodominantlik, pleyotropiya, letal allellar, jinsga birikkanlik, genetik bogʻlanishlar, poligen belgilar va atrof-muhit taʼsiri haqida umumiy maʼlumot oling.

Mendel modeli asosini qisqacha koʻrib chiqish

Gregor Mendelning irsiyat qonunlari toʻgʻrisidagi fundamental prinsiplari oʻtgan asr davomida oʻz mavqeyini yoʻqotmadi. Ushbu prinsiplar turli xil organizmlar, xususan, insonda belgilarning qanday irsiylanishini tushuntirib beradi.
Mendel modelining muhim xususiyatlari quyidagilardan iborat edi:
  1. Belgilarning irsiylanishi hozir genlar deb nomlangan irsiy faktorlar orqali belgilanadi. Genlar har doim juft holatda boʻlib, organizmda uning ikkita nusxasi uchraydi.
  2. Genlar turli xil nusxalarda boʻladi va ular allellar deb ataladi. Agar organizmda ikkita allel boʻlsa, ulardan biri (dominant) ikkinchisi (retsessiv) ustidan dominantlik qilib, organizm xususiyatini belgilab beradi.
  3. Gametalar hosil boʻlishi jarayonida tuxum hujayra yoki spermatozoid ushbu gen nusxalaridan faqat bittasiga tasodifiy ravishda ega boʻladi (belgilarning ajralish qonuni).
  4. Turli xil belgilarni ifodalovchi genlar bir-biridan mustaqil holatda irsiylanadi (begilarning mustaqil holda irsiylanish qonuni).
Yuqoridagi qoidalar irsiyatni, yaʼni qanday qilib genotip (genlar yigʻindisi) fenotip (koʻrinuvchi belgilar)ni ifodalashi orqali belgilarning irsiylanishini tushunishimizda asos boʻlib xizmat qiladi. Lekin ushbu qoidalardan chetlanishlar, kengaytirishlar va oʻzgarishlarga duch kelamiz va biz irsiyatni toʻliq tushunishimiz uchun ularni ham eʼtiborga olishimiz zarur.

Bitta genga oid chetlanishlar

Mendel qoidalaridagi oʻzgaruvchanlik bitta genni qamrab oladi. Ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
  • Koʻp allellik. Mendel noʻxat oʻsimligida genlarning ikkita allelini oʻrgangan boʻlsa-da, koʻp hollarda organizmlarda bir gen ikkitadan ortiq allelga ega boʻlishi mumkin.
  • Chala dominantlik. Ikki xil allelning birga kelishi bir belgini toʻliq yuzaga chiqarish oʻrniga oraliq fenotipni namoyon qilishi mumkin.
  • Kodominantlik. Fenotipni namoyon qilishda bitta allel oʻrniga ikkita allelning barobar yuzaga chiqishi.
  • Pleyotropiya. Bir gen bitta emas, balki bir nechta belgiga taʼsir etishi mumkin.
  • Letal allellar Baʼzi allellar gomozigota yoki geterozigota holatda organizm yashovchanligini kamaytirishi mumkin.
  • Jinsga birikish. Jinsiy xromosomalarda, masalan, X xromosomada joylashgan genlar autosomada joylashgan (jinsiy boʻlmagan) genlardan farqli irsiylanishi mumkin.
Yuqoridagi holatlar haqida quyidagi video va maqolalardan batafsil oʻrganishingiz mumkin:

Koʻp genlarni qamrab oluvchi oʻzgaruvchanlik

Mendel qoidalaridagi boshqa oʻzgaruvchanliklar genlar oʻrtasidagi munosabatlarni oʻz ichiga oladi. Agar bir belgi bir nechta gen taʼsirida yuzaga kelsa, bu genlar quyida berilgan holatlarda boʻladi:
  • Komplementar genlar. Ikkita har xil genning retsessiv allellari bir xil fenotipni namoyon qilishi mumkin.
  • Epistaz. Bir gen alleli boshqa gen alleli ustidan dominantlik qilishi mumkin.
Bundan tashqari, genlar xromosomada juda yaqin joylashib, oʻzaro birikkan boʻladi va ular mustaqil holatda taqsimlana olmaydi.

Poligen irsiylanish hamda tashqi muhit taʼsiri

Kundalik hayotdagi boʻy uzunligi, teri hamda koʻz rangi, har xil kasallikka moyillik kabi belgilarga turlicha faktorlar taʼsir etishi mumkin. Bular genetik yoki tashqi muhit omillari boʻlishi mumkin.
  • Poligen irsiylanish. Ayrim belgilar poligen, yaʼni bir nechta gen taʼsirida ifodalanish xususiyatiga ega. Poligen irsiylanishda belgilar aniq bir turda boʻlmaydi, balki fenotipik xilmaxillikni hosil qiladi.
  • Tashqi muhit taʼsiri. Hozirgi kundagi koʻp belgilar faqatgina genotip emas, balki tashqi muhit omillari taʼsirida ham shakllanadi. Oʻz navbatida tashqi muhit omillari genotip fenotipni qanday koʻrinishda ifodalashiga ham hissa qoʻshadi.
Genetik fon hamda tashqi muhit genlarning chala penetranligiga sabab boʻladi, yaʼni bir xil genotip turli organizmlarda turli fenotip hamda xilma-xil ekspressivlikni namoyon qiladi, yaʼni maʼlum genotipga ega boʻlgan organizmlar fenotipda kuchli yoki kuchsiz koʻrinishlarini namoyon qilishi mumkin.
Yuqoridagi holatlar boʻyicha quyidagi maqolalarda batafsil bilib olishingiz mumkin: