Agar siz ushbu xabarni oʻqiyotgan boʻlsangiz, demak, saytimizga tashqi resurslarni yuklashda muammolarga duch kelmoqdamiz.

If you're behind a web filter, please make sure that the domains *.kastatic.org and *.kasandbox.org are unblocked.

Asosiy kontent

Hujayra sikli nazorat nuqtalari

Hujayra siklini nazorat qilish uchun hujayralar nazorat nuqtasidan G1 faza oxiri, G2 faza oxiri va M faza (urchuq nazorat nuqtasi)da qanday foydalanishi.

Kirish

Hujayralar hujayra sikli boʻylab harakatlanganda bitta fazadan ikkinchisiga tez oʻtadimi? Agar ular saraton hujayralari boʻlsa, shunday boʻlishi mumkin. Normal hujayralar esa hujayra sikli boʻylab maʼlum bir nazorat ostida harakatlanadi. Hujayra siklida davom etish haqida qaror qabul qilishda hujayraning ichki holati va tashqi muhit maʼlumotlariga tayaniladi. Bu nazorat hujayrani noqulay sharoitlarda boʻlinishdan saqlaydi (misol uchun, DNK shikastlanganda yoki toʻqimada hujayralar miqdori ortib ketib, yangisiga joy qolmaganda).

Hujayra sikli nazorat nuqtalari

Nazorat eukariot hujayra siklidagi bosqich boʻlib, u orqali hujayralar boʻlinish yoki boʻlinmaslik haqida “qaror qabul qiladi”.
Bir qancha nazorat turlari mavjud boʻlib, eng muhimlari quyidagilar:
  • G1/S oʻtish qismida G1 nazorati.
  • G2/M oʻtish qismida G2 nazorati.
  • Metafazadan anafazaga oʻtishda urchuq nazorati.

G1 nazorat nuqtasi

G1 nazorat nuqtasi hujayradagi eng muhim nuqta hisoblanib, hujayraning boʻlinish yoki boʻlinmasligini belgilaydi. Agar hujayra G1 nuqtasidan oʻtsa, S fazaga kiradi va uning boʻlinishini ortga qaytarib boʻlmaydi. Yaʼni DNKning shikastlanishi yoki replikatsiya xatolari kabi kutilmagan muammolarga yoʻl qoʻymasdan, G1 nazorat nuqtasidan oʻtgan hujayra sikl davomida qolgan yoʻlni davom ettiradi va ikkita qiz hujayra hosil qiladi.
G1 nazorat nuqtasida hujayra boʻlinish uchun tashqi va ichki sharoitlarni oʻrganadi. Qaror qabul qilish quyidagi bir qancha omillarga bogʻliq:
  • Oʻlcham. Boʻlinish uchun hujayra yetarlicha kattalikka egami?
  • Oziq moddalar. Boʻlinish uchun yetarli ozuqa zaxirasiga yoki manbasiga egami?
  • Molekulyar signal. Hujayraga qoʻshni hujayralardan musbat (oʻsish omili singari) signal berildimi?
  • DNK yaxlitligi. DNK shikastlanmaganmi?
Bular G1 nuqtadan oʻtish uchun kerak boʻlgan omillarning hammasi emas, baʼzi omillar hujayra turiga ham bogʻliq. Misol uchun, ayrim hujayralarga boʻlinish uchun mexanik taʼsir (strukturani saqlab turuvchi hujayralararo matriks bilan toʻqnashish kabi) talab etiladi1.
Agar hujayra G1 nuqtada yoʻlni davom ettirish kerakligi haqida maʼlumot olmasa, hujayra siklidan chiqib, G0 fazaga oʻtishi mumkin. Boshqa hujayralar sharoit yaxshilangan taqdirda boʻlinishni davom ettirsa, baʼzilari shu fazada qolib ketadi.

G2 nazorat nuqtasi

Hujayrada boʻlinish toʻgʻri ketayotganini tekshirish uchun unda M fazadan oldin qoʻshimcha G2 nazorat nuqtasi mavjud. Bu bosqichda quyidagilar tekshiriladi:
  • DNK yaxlitligi. DNK shikastlanmaganmi?
  • DNK replikatsiyasi. S faza davomida DNKning nusxasi toʻliq koʻchirildimi?
Agar xatolik yoki shikast aniqlansa, xatoliklar tuzatilishi uchun hujayra G2 nuqtada toʻxtaydi. Agar nazorat DNKdagi qandaydir muammoni aniqlasa, hujayra sikli toʻxtaydi va hujayra DNK replikatsiyasini tugatishga yoki shikastlarni toʻldirishga harakat qiladi.
Agar shikastni toʻgʻrilashning iloji boʻlmasa, hujayra apoptozga uchraydi2. Bu oʻz-oʻzini yoʻq qilish mexanizmi nuqsoni boʻlgan DNK molekulasining keyingi qiz hujayralarga oʻtib ketishining va saraton rivojlanishining oldini oladi.

Urchuq nazorat nuqtasi

M nazorat nuqta urchuq nazorat nuqtasi deb ham ataladi: bu yerda hujayra barcha qiz xromatidalarning urchuq mikronaychalariga birikkanligini tekshiradi. Anafazada qiz xromatidalarning ajralishi qaytarib boʻlmaydigan bosqich boʻlgani sababli barcha xromosomalar hujayraning qarama-qarshi qutblaridan kamida ikkitadan urchuq mikronaychasiga mahkam oʻrnashmaguncha sikl davom etmaydi.
Bu nazorat nuqtasi qanday ishlaydi? Aftidan, hujayralar metafaza plastinkasini nazorat qilmaydi, chunki u yerda barcha xromosomalar mavjud. Buning oʻrniga ular “notoʻgʻri” joylashgan xromosoma (masalan, sitoplazma atrofida suzuvchi)larni qidiradi3. Agar xromosoma notoʻgʻri joylashtirilgan boʻlsa, hujayra mitozni toʻxtatib qoʻyadi, bu urchuqqa xromosomani biriktirib olish uchun vaqt beradi.

Nazorat nuqtalari aslida qanday ishlaydi?

Ushbu maqolada hujayra siklini boshqarish boʻyicha yuqori darajada maʼlumot berilgan va har bir nazorat nuqtasida hujayraning pauza qilish yoki keyingi bosqichga siljish qaroriga taʼsir qiluvchi omillar koʻrsatilgan. Biroq ushbu omillar aslida nima bilan bogʻliqligi yoki uning tarkibidagi omillarning hujayra siklida bir fazadan ikkinchisiga oʻtishidagi (yoki blokirovka qilishidagi) oʻrni sizni qiziqtirayotgan boʻlishi mumkin.
Umumiy javob shundan iboratki, ichki va tashqi taʼsirlar hujayra siklini oldinga siljitadigan yadro oqsillar toʻplamini faollashtiradigan yoki faolsizlantiradigan hujayra ichidagi signal yoʻllarini qoʻzgʻatadi. Siz bunday oqsillar haqida maʼlumotni hujayra sikli regulyatorlari maqolasidan bilib olishingiz mumkin.