If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Bakteriyaning ikkiga boʻlinishi

Bakteriyaning ikkiga boʻlinishi bu bakteriya hujayralarining koʻpayish uchun ikkiga ajralishidan iborat. Ikkiga boʻlinishning bosqichlari, jumladan, bakteriya xromosomasining nusxasi yaratilishi va yangi hujayra shakllanishi haqida batafsil bilib oling.

Kirish

Siz mitoz jarayoni bilan tanish boʻlsangiz kerak. Bu jarayondan eukariot organizmlar (masalan, siz, men, hayvon va oʻsimliklar) oʻz DNKsini ikkiga ajratish uchun foydalanadi. Ammo mitoz murakkab jarayon boʻlib, xromosomalarning goʻzal raqsiga oʻxshaydi.
Shunday ekan, sizda savol tugʻilishi mumkin: bakteriyalar kabi oddiy jonzotlar qanday qilib koʻpayadi? Javob: oddiy ikkiga boʻlinish yoʻli bilan.

Ikkiga boʻlinish nima?

Bakterial ikkiga boʻlinish – bu bakteriyalar hujayra boʻlinishida foydalanadigan jarayon. Ikkiga boʻlinish prinsipi eukariot organizmlar (oʻsimlik va hayvonlar)da sodir boʻladigan mitoz jarayoniga oʻxshaydi, ammo maqsad boshqacha.
Koʻp hujayrali organizm tanasida mitoz natijasida hujayralar boʻlinsa, ular organizmning kattalashishiga yoki eskirgan hujayralarning yangilari bilan almashinishiga olib keladi. Ammo bakteriyalarda hujayralar boʻlinishi shunchaki organizm uchun koʻproq hujayralar hosil qilish vositasi emas, balki bakteriyalar populyatsiyaga koʻproq bakteriya qoʻshilishi va koʻpayishining yagona yoʻli.
Ikkiga boʻlinishning mitozga oʻxshash xususiyatlari ham bor, lekin asosiy tomonlari bilan mitozdan tubdan farq qiladi. Keling, buning qanday sodir boʻlishini koʻrib chiqamiz.

Ikkiga boʻlinish bosqichlari

Boʻlinayotgan inson hujayrasi, bakteriya hujayrasi tarkibidagi DNK miqdorini koʻpaytirishi lozim. Membrana bilan oʻralgan yadroda joylashgan bir nechta chiziqli xromosomalarga ega boʻlgan inson hujayralaridan farqli oʻlaroq, bakteriya hujayralari odatda bitta dumaloq xromosomaga ega va yadroga ega emas. Ammo bakteriya xromosomasi hujayraning maxsus ixtisoslashgan qismida joylashadi va nukleoid deb ataladi.
Replikatsiya fermentlari yordamida DNK nusxasini yaratish xromosomadagi replikatsiyaning boshlanish nuqtasi deb nomlanadigan nuqtadan boshlanadi. Bu qism DNK nusxasi olinadigan dastlabki qismdir. Replikatsiya davom etar ekan, ikkita shunday qism hujayraning qarama-qarshi tomoniga qarab xromosomaning qolgan qismlarini oʻzi bilan tortib ketadi. Hujayra choʻzilib, yangi hosil boʻlgan xromosomalarning ajralib ketishiga olib keladi.
Ikkiga boʻlinish bosqichlari.
  1. Biz hali hech qanday oʻzgarishga uchramagan bakteriya xromosomani koʻrib turibmiz (u aylana shaklda). U replikatsiyaning boshlanish nuqtasi va replikatsiya terminali deb nomlangan ikki qismga ega, ular xromosomada bir-biriga qarama-qarshi qutbda joylashgan.
  2. Xromosoma replikatsiyaning boshlanish nuqtasidan ochila boshlaydi va DNK zanjirlari replikatsiyasi bir-biriga qarama-qarshi tarzda davom etadi.
  3. DNK nusxasini yaratish davom etar ekan, hujayra shakli uzayadi. Replikatsiya boshlanish nuqtalari hujayraning qarama-qarshi qutblariga tomon harakat qiladi.
  4. Toʻsiq (devor) hujayraning oʻrtasida hosil boʻladi va uni ikkita yangi qiz hujayraga ajratadi, ularning har biri bakteriya xromosomasining bitta nusxasiga ega.
  5. Hujayra ikkiga ajraladi. Endi bizda ikkita yangi bakteriya bor!
Replikatsiya butun xromosoma nusxasi olinmaguncha va replikatsiya fermentlari eng chekka nuqtada uchrashmaguncha davom etadi. Yangi xromosomalar qarama-qarshi qutblarga oʻtib, hujayra markazi tozalangandan soʻng sitoplazmaning boʻlinishi yuz beradi.
Ushbu jarayonda membrana ichkariga botib, hujayraning oʻrtasidan toʻsiq yoki yangi ajratuvchi devor hosil qiladi. (Bakteriyalar hujayra devoriga ega, shuning uchun ular hujayra boʻlinishi bosqichidan oʻtganidan keyin bu devor qayta tiklanishi kerak.)
Va nihoyat, toʻsiq hujayra markazini toʻliq qoplaydi va ikkala hujayra alohida bakteriya sifatida hayotlarini davom ettirish uchun ajraladi.

Ikkiga boʻlinish va mitozni oʻzaro taqqoslash

Bakterial ikkiga boʻlinishning baʼzi jihatlari odam va boshqa eukariotlardagi mitoz bilan oʻxshash. Har ikkala holatda ham xromosomalar ikki barobar koʻpayadi va bir-biridan ajraladi, ikkita yangi hujayra hosil boʻlishi uchun sitoplazma ikkiga boʻlinadi.
Lekin bu ikkala jarayonning mexanizmi va ketma-ketligi turlicha. Bakteriyalarda mitotik urchuq hosil boʻlmaydi. Eng asosiysi, ikkiga boʻlinishda DNK replikatsiyasi va ajralish jarayonlari bir vaqtda sodir boʻladi (mitozda esa DNK replikatsiyasi S fazada, ikkiga ajralish esa M fazada roʻy beradi).