If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Zika virusi biologiyasi

Zika virusining biologiya asoslari, kelib chiqishi, hayot sikli va simptomlari haqida bilib oling.

Kirish

Yangiliklarda Zika virusi toʻgʻrisida eshitgan boʻlsangiz kerak. Soʻnggi vaqtlarda Amerika qitʼasida bu virusning tarqalishi odamlarning uni oʻrganishga boʻlgan qiziqishini oshirmoqda.
Ushbu maqolada biz Zika virusiga biologik nuqtayi nazardan yondashamiz. Dastlab uning tuzilishini, hayot siklini va hujayralarga qanday oʻtib, ularni qanday zararlashini oʻrganib chiqamiz. Keyin esa Zika virusi odamlarda keltirib chiqaradigan asoratlar, shuningdek, kelajakda virusni nazoratga olish va boshqarish rejalari bilan tanishamiz.

Zika virusi oʻzi nima?

Zika virusi flaviviruslar guruhiga mansub virus boʻlib, bu guruhdagi viruslar denge bezgagi, Gʻarbiy Nil isitmasi va sariq isitma kabi kasalliklarni ham qoʻzgʻatadi1. Flaviviruslar oqsil, RNK (DNKga yaqin molekula) va lipidli membranadan tashkil topgan mitti tuzilmalardir. Har bir virus zarrasi kapsid deb ataladigan oqsil qobigʻiga joylashtirilgan bir zanjirli RNK genomidan iborat boʻlib, uning atrofini tashqi sharsimon membranadan iborat konvert qobiq oʻrab turadi2. Quyida Zika virusi zarralarining mikroskopdagi rasmini koʻrishingiz mumkin va bu yerda ular mayda, qora rangli sharlar koʻrinishida tasvirlangan. Virus zarrachalaridan biri esa strelka bilan koʻrsatilgan.
Chapda Zika virusi zarrachasining koʻndalang kesilgan koʻrinishi. Virus RNK molekulasidan, oʻrab turuvchi oqsil kapsididan va kapsid atrofidagi membrana konvertidan iborat. Konvertda virus zarralari yuzasining katta qismini qamrab oluvchi koʻplab oqsillar mavjud.
Oʻngda esa Zika virusi zarralarining transmissiyali elektron mikroskopda olingan surati. Zarrachalar qora yadro va yengil halqali mayda shar shaklida koʻrinadi.
_Manba: chapdagi rasm ViralZone, Shveysariya bioinformatika instituti (CC BY-NC 4.0)ga tegishli “Zika virus: Virion” (Zika virusi: Virion) nomli grafik materialidan oʻzgartirib olindi. Oʻngda esa C. Goldsmith, CDC Public Health Image Library (public domain)ga tegishli “Zika virus” (Zika virusi) nomli grafik material._
Viruslarning oʻziga xos xususiyati shundaki, ular oʻz-oʻzidan koʻpaya olmaydi. Aksincha, ular xoʻjayin hujayralarni egallab, ularni virus ishlab chiqaruvchi fabrikaga aylantirishlari uchun “qayta dasturlashlari” kerak. Zika virusi ham bundan mustasno emas. U ham oʻz-oʻzidan koʻpaya olmaydi, lekin bu virus bir necha turdagi hujayralarni, shu jumladan, odam, maymun va chivin hujayralarini egallab, hujayra ichida koʻpayishlari mumkin3. Zika virusi odam tanasidagi qaysi hujayralarni nishonga olishini aniq bilmasak-da, oʻstirilgan hujayralar (idish ichida yetishtirilgan hujayralar) bilan olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Zika inson terisida joylashgan bir qancha immun hujayralarini zararlashi mumkin4.

Zika qayerda paydo boʻlgan?

Zika yangi paydo boʻlgan virus emas. Birinchi marta u 1947-yilda Ugandaning Zika oʻrmonidagi maymunda aniqlangan va 1954-yilda ilk bor odam organizmida qayd etilgan5. Shundan keyingi yillarda Afrikada va 1960-yillarning oxiridan boshlab ekvatorial Osiyoda ham yana bir nechta holatlar aniqlangan. Ushbu davr mobaynida odamlarda hech qanday jiddiy asoratlar yoki kasalliklar qayd etilmagan va qon tahlillarida Zika virusiga qarshi antitanachalarning mavjudligi esa odamlarning zararlangan hududda virusga chalinganliklarini bildiradi6. Shu sabablarga koʻra, Zika xavfsiz, kamdan kam uchraydigan virus sifatida tasniflangan5.
Zika virusining avj olishi birinchi marta 2007-yil Mikroneziyadagi Yap orolida qayd etildi. Ushbu epidemiyada oroldagi 3 yoshdan yuqori boʻlgan aholining 70% dan ortigʻida virus borligi tasdiqlangan5. Bunda hech qanday jiddiy asoratlar yoki kasalxonalarga yotqizilish holatlari kuzatilmagan boʻlsa-da, ushbu miqyosda avj olish misli koʻrilmagan darajada edi, chunki oʻsha vaqtgacha Zika virusiga bogʻliq holatlarning umumiy soni 15 tadan ham kam boʻlgan. Virus oʻrtamiyona darajada tarqalgani kuzatilgan aholiga qaraganda Zika virusi avj olishiga boʻlgan moyillik Yap oroli xalqida yuqori boʻlishiga sabab ular ilgari Zika virusiga chalinmagani boʻlishi mumkin5.
2013-2014-yillarda Fransuz Polineziyasi va uning atrofidagi orollarda yana bir Zika virusi epidemiyasi avj oldi. Ushbu epidemiya mobaynida sogʻliqni saqlash idoralari nevrologik kasalliklar koʻlamining oshib ketganini, jumladan, Giyena-Barre (vaqtinchalik falajga olib keluvchi holat) sindromi, shuningdek, chaqaloqlarda asab tizimi va miya anomaliyalarini qayd etishdi5,7.
Amerika qitʼasida Zika virusi bilan bogʻliq birinchi mahalliy holatlar 2015-yilning may oyida Braziliyada qayd etilgan. Oʻshandan beri Zika virusi Janubiy va Markaziy Amerikaning koʻplab mamlakatlarida aniqlandi. Hozirgi kunda Amerikada topilgan Zika virusi shtammlari Fransuz Polineziyasida tarqalgan virus shtammlariga juda yaqin boʻlib, virus Braziliyaga Fransuz Polineziyasidan kirib kelgani taxmin qilinadi8,9.

Zika qanday tarqaladi?

Zika virusining tarqalishi asosan Aedes avlodiga mansub chivinlar orqali amalga oshiriladi. Shu nuqtayi nazardan, Zika flaviviruslarga mansub denge bezgagi, sariq isitma va Gʻarbiy Nil virusiga oʻxshash hisoblanadi. Chivin Zika bilan kasallangan odamning qonini soʻrgach, virus chivinning hujayralarini ham zararlashi mumkin. Chivindagi infeksiya toʻliq shakllangach (odatda bir yarim haftadan soʻng), uning soʻlagi tarkibida virus zarralari boʻladi10. Chivin yana boshqa bir odamning qonini soʻra boshlasa, undagi virus zarralari oʻsha odamga yuqishi mumkin.
Aedes albopictus chivini.
_Manba: “Aedes albopictus” / James Gathany, CDC Public Health Information Library (public domain)._
Ushbu yuqish yoʻli Zika virusi uchun keng tarqalgan boʻlsa-da, uni yuqtirishning yana boshqa yoʻllari ham mavjud. Masalan, Zika bilan kasallangan homilador ayol virusni homila rivojlanayotgan vaqtda yoki tugʻish paytida bolaga yuqtirishi mumkin. Zika virusini jinsiy aloqa orqali yoki Zika bilan kasallangan donorning qonini quyish orqali yuqtirishning bir nechta rasmiylashtirilgan holatlari ham kuzatilgan11,12.

Zika qanday qilib hujayralarni zararlaydi?

Zika virusi zarralari inson tanasida paydo boʻlganidan soʻng, koʻpayishi va koʻplab viruslarni hosil qilishi uchun hujayralarni egallashi kerak. Zika virusi zarrachasi tashqi konvertida maxsus oqsillarga ega boʻlib, ular yordamida odam hujayralaridagi retseptor oqsillar bilan taʼsirlashadi va shu yoʻl orqali hujayrani egallashi mumkin. Virusli oqsillar hujayra retseptorlari bilan bogʻlanganida hujayra virus zarrachalarini oʻziga qabul qilishi uchun “xiyla ishlatishadi”13.
_ViralZone, Shveysariya bioinformatika instituti (CC BY-NC 4.0)ʼga tegishli “Zika virus: Genome” (Zika virusi genomi) nomli grafik material oʻzgartirib olindi._
Hujayra ichida virusning RNK genomi hujayra sitoplazmasi, yaʼni suyuqlik bilan toʻldirilgan asosiy qismiga yuboriladi. U yerda RNK molekulasi hujayralardagi fermentlar tomonidan “oʻqiladi” (translyatsiya qilinadi) va uzun oqsil zanjirini hosil qilib, keyinchalik bir nechta mayda oqsillarga boʻlinadi (chapdagi rasmga qarang). Ushbu oqsillarning baʼzilari kapsid va konvert oqsillari kabi yangi virus zarralarini yaratishda zarur boʻlgan tarkibiy qismlardir. Boshqa virusli oqsillar esa RNK genomidan nusxa koʻchirib, uni qayta ishlaydi13,14.
Virusli oqsillar va RNK genomining nusxalari hujayra eksport tizimining tarkibiy qismi boʻlgan membranali boʻlinma – endoplazmatik toʻrning (ET) yuzasida toʻplanadi. Yangi virus zarralari ETning ichki qismiga kirib, oʻzi bilan ET membranasidan kichik bir parcha olib ketadi. Ushbu “oʻgʻirlangan” membrana virusli konvertni hosil qiladi. Keyin esa virus zarralari hujayraning boshqa tarkibiy qismi boʻlgan Golji kompleksiga sayohat qilib, hujayra yuzasiga chiqishdan oldin u yerda qayta ishlanadi13,14. Hujayra yuzasiga chiqqan virus zarralari boshqa hujayralarni ham zararlab, infeksion siklni davom ettiradi.
Ted Piyerson “The flavivirus life cycle” (Flavivirus hayot sikli) nomli diagramma oʻzgartirib olindi15.

Zika virusining belgilari va oqibatlari qanday?

Koʻp hollarda Zika infeksiyasi belgilari yengil koʻrinishda boʻladi. Kasalliklarni nazorat qilish markazining (CDC) axborotiga koʻra, Zika bilan zararlangan 5 kishidan faqat 1 tasi haqiqiy kasallikni boshdan kechiradi va bu virus bilan ogʻrigan bemorda toshma, isitma, konyunktivit (koʻz pardasining yalligʻlanishi) va boʻgʻimda ogʻriqlar kuzatilishi mumkin16. Koʻpincha bu alomatlar ham oʻtib ketadi va undan odamlarda umrbod asoratlar yuzaga kelmaydi.
Zikaning zararli taʼsirlaridan homilador ayollar va ularning homilalari eng katta xavf ostida boʻladi17. Xususan, homiladorlik paytida Zika infeksiyasiga chalingan onadan tugʻilgan chaqaloqlarda mikrosefaliya (bosh va bosh miya hajmining sezilarli darajada kichik boʻlishi) kasalligi koʻp uchraydi. Mikrosefaliya asab tizimidagi muammolarga yoki bolaning rivojlanishda ortda qolishiga sabab boʻlishi mumkin, ammo bu asoratlar ham har bir kasallangan odamda har xil yuzaga keladi18. Sogʻliqni saqlash idoralari homilador (yoki homilador boʻlishi mumkin boʻlgan) ayollarni Zika xavfidan saqlanishi uchun kerakli choralarni koʻrishga chaqirmoqda19.
Juda kam holatlarda Zika nevrologik muammolar bilan, misol uchun, Giyena-Barre sindromi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Giyena-Barre sindromi – bu vaqtinchalik (koʻp hollarda bir necha hafta yoki bir necha oy davom etadigan) falajga olib keladigan autoimmun holat. Zika infeksiyasi avj olgan hududlarda Giyena-Barre sindromi holatlari oshib ketgani qayd etilgan, ammo tadqiqotchilar bu ikki holat orasida oʻzaro bogʻliqlik bor yoki yoʻqligini hali ham oʻrganishyapti20.

Zika boʻyicha qanday choralar koʻrilishi mumkin?

Sogʻliqni saqlash idoralari odamlarga oʻzlarini Zika virusidan himoya qilishlari uchun chivinlari koʻp, virus faol tarqalgan hududlarga yaqinlashmaslikni tavsiya qiladilar. Yuqori xavf guruhiga kiruvchi odamlar, masalan, homilador ayollar uchun bu Zika virusi faol tarqalgan joylarga moʻljallangan safarni keyinga qoldirishlarini anglatishi mumkin21. Zika koʻp uchraydigan hududlarda yashovchi aholiga himoyalanish uchun uydan tashqariga chiqmaslik, chivin repellentlarini (chivinga qarshi spreylar) va chivinga qarshi toʻrlarni ishlatishni hamda turib qoladigan (chivinlarni koʻpaytirishga zamin yaratadigan) havzalarni yoʻqotish tavsiya qilinadi22.
Kelgusida Zika virusiga qarshi vaksina ishonchli himoya vositasiga aylanishi mumkin. Yaxshiyamki, denge bezgagi (Zika virusiga yaqin hisoblangan flavivirus)ga qarshi vaksina yaqinda Braziliyada emlash uchun tasdiqlandi. Ushbu vaksina sariq isitma (yana bir boshqa flavivirus)ning faol boʻlmagan koʻrinishidan kelib chiqqan va bu Zika vaksinasi uchun ham xuddi shunday strategiyadan foydalanish mumkin degani23. Shu yaqin orada sichqonlarda olib borilgan tajribalar Zika vaksinasi uchun kerak boʻlgan dastlabki ijobiy natijalarni koʻrsatdi24. Biroq bu yoki boshqa paydo boʻlish ehtimoli mavjud vaksinalar odamlar uchun xavfsiz va samarali ekanini aniqlash yana koʻplab tadqiqotlar oʻtkazishni talab etadi.
Izoh: ushbu maqolada tibbiy maslahatlar berilmagan va maqola faqat maʼlumot yetkazish uchun moʻljallangan. Tibbiy holat bilan bogʻliq har qanday savol yuzasidan doim malakali tibbiyot xodimi bilan maslahatlashing. Faqatgina Xan akademiyasida yoritilgan maʼlumotlargagina asoslanib, eng ahamiyatli boʻlgan professional tibbiy maslahatni olish va chora koʻrishni kechiktirmang.
Soʻnggi bor 2016-yil 10-mayda yangilangan.