If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Hayvon & inson viruslari

Inson va boshqa jonzotlar viruslari. Baltimor klassifikatsiyasi. OIVning hayot sikli.

Asosiy tushunchalar:

  • Odamlarga va boshqa hayvonlarga yuqadigan turli xil viruslar mavjud boʻlib, ularning baʼzilari jiddiy kasalliklarga olib keladi, boshqalari esa zararli emas.
  • Viruslarni Baltimor tizimi boʻyicha tasniflash mumkin va odamga yuqadigan viruslar bu tizimdagi yetti toifaning barchasiga ham kiradi.
  • Orttirilgan immun tanqisligi sindromini (OITS) Odam immun tanqisligi virusi (OIV), yaʼni retrovirus chaqiradi.

Kirish

Siz biror marta gripp yoki suvchechak boʻlganmisiz? Agar shunday boʻlsa, unda siz virusli turdagi kasallikka duch kelgansiz! Agar bir kun kelib OITS kasalligiga davo topishni istasangiz yoki bu yilgi grippdan saqlanishni orzu qilsangiz, ehtimol, siz virusli infeksiyalar qoʻzgʻatadigan (vaksinalar va muolajalar yordamida kamaytiriladigan) ogʻriq va qiyinchiliklardan xabardorsiz.
Odamlarga xos viruslar juda koʻp va ular keng taʼsir doirasiga ega. Baʼzi viruslar bir yoki ikki kun bizni kasal qilsa, boshqalari umrbod bizga hamroh. Baʼzilari xavfsiz koʻrinsa, boshqalari, masalan, Ebola hayot uchun xavfli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Sogʻligʻimiz va hayotimizga taʼsiri tufayli koʻplab odam viruslari (shuningdek, hayvon viruslari ham) batafsil oʻrganilgan. Keling, ushbu viruslarning ayrimlarini koʻrib chiqamiz.

Hayvon viruslari qanday tuzilgan?

Boshqa viruslar singari hayvon viruslari ham oqsil va nuklein kislotalarning kichik toʻplamidir. Ularda oqsil qobigʻi yoki kapsid va kaspid ichiga yopishgan DNK yoki RNKdan iborat genetik material mavjud. Ularda, shuningdek, konvert qobiq, yaʼni lipiddan iborat membrana sferasi ham boʻlishi mumkin.
Hayvon viruslarining kapsidlari turli shakllarda boʻladi. Ebola virusi uzun ipga oʻxshash tuzilishda va oʻz oʻqi atrofida chirmashadi. Taqqoslash uchun quyida “standart koʻrinishga ega” virus – chikungunya koʻrsatilgan: chikungunya sferaga oʻxshaydi, lekin aslida 20 yoqli ikosaedr hisoblanadi.
Bu ikki virus kattaligi shkala boʻyicha chizilmagan. (Ebola virusining hajmi chikungunya virusinikidan kattaroq). ViralZone/Shveysariya bioinformatika instituti, CC BY-NC 4.0 ga tegishli “Ebolavirus” va “Alfavirus” nomli grafik materiallar oʻzgartirib olindi.
Hayvonlarga xos virus genomlari RNK yoki DNK saqlovchi boʻlib, bir zanjirli yoki qoʻsh zanjirli boʻlishi mumkin. Hayvon viruslari oʻzlarining genetik materiallaridan nusxa koʻchirish va ulardan foydalanish maqsadida bir qator jarayonlarni (shu qatorda hayratlanarli va gʻalati boʻlganlarini ham) amalga oshirishlari mumkin va ularni biz quyidagi boʻlimlarda koʻrib chiqamiz.

Hayvon viruslari hujayralarga qanday yuqadi?

Hayvon viruslari boshqa viruslar kabi oʻzlarining hayot siklini oʻtash uchun xoʻjayin hujayralariga tayanadi. Koʻpayish uchun virus xoʻjayin hujayrani zararlashi, virus zarralarini koʻproq hosil qilishi va buning uchun xoʻjayin hujayrani qayta dasturlashi kerak.
Infeksiyaning yuqishi uchun birinchi muhim qadam bu tanib olishdir: hayvon virusi xoʻjayin hujayra membranasidagi mavjud retseptorlarga bogʻlanishiga imkon beradigan maxsus sirtqi molekulalarga ega. Retseptorlarga bogʻlangach, hayvon viruslari turli yoʻllar bilan hujayraga kirishi mumkin: endositoz, yaʼni membranani ichiga qatlanib; xoʻjayin membranada kanallar hosil qilib (bu orqali DNK yoki RNK hujayra ichiga yuboriladi); yoki konvert qobiqli viruslarda membrana bilan birlashib, xoʻjayin hujayraning ichida kapsidni hosil qilish yoʻli orqali hujayraga kiradi.
Virus xoʻjayin hujayradagi mavjud resurslardan foydalanib yangi virus oqsillari va genetik materialini ishlab chiqargach, oʻzining zarrachalaridan iborat qobigʻini hosil qiladi va hujayrani tark etishga tayyorlanadi. Konvert qobiqli viruslar xoʻjayin plazmatik membranasi yoki ichki membranasidan bir parcha olib, hujayra membranasida kurtaklanib, undan chiqib ketadi. Bundan farqli oʻlaroq, konvert qobigʻi boʻlmagan viruslar, jumladan, rinoviruslar zararlangan hujayrada toki hujayra portlab halok boʻlgunicha yigʻilaveradi.

Infeksiya oqibatlari

Insonlarda turli kasalliklarning yuzaga kelishi viruslar bilan bogʻliq. Quyidagi diagrammada inson tanasining turli tizimlariga taʼsir qiluvchi virusli infeksiyalarning baʼzi keng tarqalgan namunalari keltirilgan.
Rasmda odamdagi virusli kasalliklar haqida umumiy maʼlumotlar keltirilgan. Ensefalit, meningit yoki miya va uning atrofidagi toʻqimalarning yalligʻlanishiga olib keladigan viruslarga qizamiq, arbovirus, quturish, JC virusi (odam poliomavirusi 2) va LCM (limfositli xoriomeningit) virusi kiradi. Umumiy shamollashga rinovirus, parainfluenza virusi va nafas olish yoʻllarining sinsitial viruslari sabab boʻladi. Koʻz infeksiyalari gerpesvirus, adenovirus va sitomegalovirus tufayli paydo boʻladi. Faringit yoki halqumning yalligʻlanishi adenovirus, Epshteyn-Barr virusi va sitomegalovirus sabab rivojlanadi. Parotit yoki soʻlak bezlarining yalligʻlanishi tepki virusidan kelib chiqadi. Gingivostomatit yoki milk va ogʻiz boʻshligʻi shilliq qavatining yalligʻlanishini gerpes simpleks 1-tur virusi qoʻzgʻatadi. Zotiljam (pnevmoniya) A va B gripp viruslari, parainfluenza virusi, nafas olish yoʻllarining sinsitial virusi, adenovirus va SARS koronavirusidan kelib chiqadi. Yurak-qontomir kasalliklari koksaki B virusi tufayli paydo boʻladi. Gepatitga A, B, C, D va E gepatit viruslari, miyelitga esa poliovirus va HTLV-1 (odam T-limfotrop virusi) sabab boʻladi. Teri infeksiyalari varicella-zoster (suvchechak) virusi, odam gerpesvirusi 6, chechak, molluscum contagiosum (kontagioz mollyuska), odam papillomavirusi, B19 parvovirusi, qizilcha, qizamiq va koksaki A virusidan kelib chiqadi. Gastroenterit yoki oshqozon-ichak kasalligi adenovirus, rotavirus, norovirus, astrovirus va koronavirus tufayli paydo boʻladi. Jinsiy yoʻl bilan yuqadigan kasalliklar gerpes simpleks 2-turi, odam papillomavirusi va OIV tufayli kelib chiqadi. Pankreatit B kasalligini esa koksaki B virusi qoʻzgʻatadi.
Manba: “Prevention and treatment of viral infections: Figure 1” (Virusli infeksiyalarning oldini olish va davolash: 1-rasm) / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0. Mikael Heggstryom tomonidan oʻzgartirilgan.
Baʼzi virusli infeksiyalar oʻtkir kasallik klassik qonuniyatiga amal qiladi: alomatlar qisqa vaqt ichida yomonlashadi, ammo koʻp hollarda virus tanadan immun tizimi yordamida tozalanadi va bemor tuzaladi. Bunga umumiy shamollash va gripp kiradi.
Gepatit C virusi kabi viruslar esa uzoq muddatli surunkali infeksiyalarni keltirib chiqaradi. Boshqa viruslar, jumladan, kichik yoshdagi bolalarda uchrovchi yengil koʻrinishdagi qizilcha kasalligining qoʻzgʻatuvchisi boʻlgan odam gerpesvirusi 6 va odam gerpesvirusi 7 produktiv infeksiyalarni (yangi virus zarralari hosil boʻladigan joyda) hech qanday kasallik alomatlarisiz ishlab chiqarishi mumkin. Bunday holdagi bemorlarda asimptomatik infeksiya bor deyiladi.

Hayvon viruslari klassifikatsiyasi

Hayvon viruslarining turlari koʻp va ular turli yoʻllar bilan hujayralarga kirib, ularni boshqarib, soʻng ularni tark etadi. Shunday ekan, qanday qilib biz ushbu viruslar keltirib chiqaradigan tartibsizliklarni izchil va mantiqiy tarzda tashkillashtira olamiz?
Baltimor tizimi viruslarning genetik material turiga va ulardagi axborotning informatsion RNK (i-RNK) hosil qilishda qanday ishlatilishiga qarab, shuningdek, virus oqsillarini ishlab chiqarish va yangi viruslarni yigʻishdagi asosiy vositachilariga koʻra guruhlarga ajratadi. Viruslarning Baltimor guruhi quyidagilarga bogʻliq:
  • Molekula genetik material sifatida (DNK yoki RNK)dan foydalanishi;
    • Genetik material bir yoki qoʻsh zanjirli boʻlishi;
  • Informatsion RNK (i-RNK) hosil qilishda virus oʻtaydigan bosqichlar.
Baltimor tizimi viruslarni yettita guruhga ajratadi. Quyidagi diagrammada har bir guruhning asosiy xususiyatlarini, shu jumladan, ulardagi genetik material va i-RNKni yaratishda foydalaniladigan yoʻllarini ham koʻrishingiz mumkin:
Yashil strelka – i-RNK sintezi; uzuq chiziqli yashil strelka – virus genomidan i-RNK sifatida toʻgʻridan toʻgʻri foydalanish. ViralZone/Shveysariya bioinformatika instituti, CC BY-NC 4.0 ga tegishli “The Baltimore classification clusters viruses into families depending on their type of genome” (Baltimor klassifikatsiyasi viruslarni genom turiga koʻra oilalarga ajratadi) nomli grafik materiali oʻzgartirishlar bilan olindi.
Odam viruslari Baltimor tizimining barcha yetti guruhida uchrasa, oʻsimlik va bakterial viruslar baʼzilaridagina mavjud.start superscript, 1, end superscript Agar biz virusga qarshi dori ishlab chiqarmoqchi boʻlsak, virusning hayotiy sikl tafsilotlarini bilishimiz juda muhimdir, xususan, uning Baltimor guruhi va biologik yashash tarzi kabi boshqa jihatlaridan xabardor boʻlishimiz virusning hayot siklini toʻxtatishga samarali taʼsir koʻrsatadi.

OIV-1 retrovirusi

Baltimor VI guruhida joylashgan retroviruslar noyob va qiziqarli hayot sikliga ega. Ular juda muhim, chunki orttirilgan immun tanqisligi sindromi yoki OITS qoʻzgʻatuvchisi boʻlgan odam immun tanqisligi virusi (OIV) aslida retrovirus hisoblanadi.
Retrovirus genomi bir zanjirli RNK boʻlib, har bir virus zarrasi ikki nusxada boʻladi. RNK zanjirini qoʻsh zanjirli DNKga aylantirishda teskari transkriptaza deb nomlanuvchi ferment DNKdan RNK, RNKdan oqsil hosil qilish jarayonini teskari oqimda hujayralarda amalga oshiradi.
Qoʻsh zanjirli DNK xoʻjayin hujayra yadrosiga kiradi va integraza fermenti yordamida hujayraning genomiga joylashib oladi. Bunda xoʻjayin hujayra genomida doimiy qoladigan, virus DNKsidan iborat provirusdan i-RNK transkripsiya qilinadi. i-RNK virus oqsillarini ishlab chiqarish uchun oʻqiladi, shuningdek, hujayrada toʻplanib, hosil boʻladigan yangi virus zarralari uchun genom sifatida xizmat qilishi mumkin.
Quyidagi diagrammada OIV-1 virusining hayot siklidagi asosiy bosqichlar, OIV infeksiyasining koʻp holatlari uchun javobgar boʻlgan shtamm tasvirlangansquared.
OpenStax College, Biology (aslida NIAID, NIH), CC BY 4.0 ga tegishli “Prevention and treatment of viral infections: Figure 4” (Virusli infeksiyalarning oldini olish va davolash: 4-rasm) nomli grafik material oʻzgartirib olindi.
OIVga qarshi dorilar OIV siklining turli fazalarida viruslarning koʻpayishiga toʻsqinlik qiladi. Ushbu dorilarga quyidagilar kiradi:
  • OIV konvert qobigʻining xoʻjayin hujayra plazmatik membranasiga birikishini bloklaydigan, qoʻshilishiga toʻsqinlik qiluvchi ingibitorlar.
  • RNK genomining qoʻsh zanjirli DNKga aylanishini susaytiruvchi teskari transkriptaza fermenti ingibitorlari.
  • Virus DNKsining xoʻjayin hujayra genomiga qoʻshilishiga toʻsqinlik qiluvchi integraza ingibitorlari.
  • Virus oqsillarining protsessing jarayonlarini oʻtashiga toʻsqinlik qiluvchi proteaza ingibitorlari
Bir nechta dorilarni oʻz ichiga olgan “kokteyllar” odatda infeksiyaning rivojlanishini sekinlashtiradi hamda virus darajasini past ushlashda eng samarali hisoblanadi. Siz nimaga bunday boʻlishini virus evolyutsiyasi maqolasidan bilib olishingiz mumkin.
OIV va OITSning belgilari, ularni davolash va oldini olish toʻgʻrisida koʻproq maʼlumotga ega boʻlish uchun “Sogʻliqni saqlash va tibbiyot” boʻlimidagi OIV va OITS maqolasini koʻrib chiqing.

Khan Academyʼdan tashqari manbalarni ham kashf qiling

OIVning hayot sikli haqida koʻproq bilib olishni xohlaysizmi? Quyidagi interfaol material bilan tanishib chiqing. Manba: LabXchange.
LabXchange fanlarni bepul oʻrgatuvchi platforma boʻlib, Garvard universitetining sanʼat va fan fakulteti va Amgen jamiyati tomonidan yaratilgan.