If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

O‘rganilgan xatti-harakatlar

Yangi joyga moslashish, iz qoldirish, klassik chiniqish, operant chiniqish va aqliy oʻrganish.

Asosiy tushunchalar

  • Yangi joyga moslashish oddiy oʻrganilgan xatti-harakatlarni oʻz ichiga olib, unda hayvon asta-sekin takroriy stimulga javob berishni toʻxtatadi.
  • Iz qoldirish bu – qisqa vaqt ichida yosh hayvonlarda (masalan, oʻz onasining izidan boruvchi oʻrdaklar) roʻy beradigan oʻrganish shakli.
  • Klassik chiniqishda yangi stimul yangi va oldindan mavjud boʻlgan stimullarni takroriy birlashtirish orqali oldindan mavjud boʻlgan reaksiya bilan bogʻliq.
  • Operativ chiniqishda hayvon xatti-harakatni koʻproq yoki kamroq bajarishni mukofot yoki jazo orqali oʻrganadi.
  • Baʼzi bir mavjudotlar, ayniqsa, primatlar masalalarni yechishi va aqliy xaritalarni qurish kabi murakkabroq oʻrganish shakllariga ega.

Kirish

Agar sizning yoki biror-bir doʻstingizning iti boʻlsa, ehtimol, itlar oʻtirishi, biror nima soʻragandek yalinishi, umboloq oshishi va oʻzini oʻlikka solib oʻynashi mumkinligini bilsangiz kerak. Bular oʻrganilgan xatti-harakatlarning namunalaridir va itlar muayyan oʻrganishlarga qodir boʻlishi mumkin. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, juda aqlli it ikki yarim yoshli odam bilan bir darajadagi aqliy salohiyatga ega!1
Umuman olganda, oʻrganilgan xatti-harakatlar individning tajribasi natijasida rivojlanadi. Oʻrganilgan xatti-harakatlar tugʻma xatti-harakatlardan farq qiladi, tugʻma xatti-harakatlar genetik jihatdan dasturlangan va hech qanday tajribasiz va oldindan tayyorgarliksiz bajarilishi mumkin. Albatta, baʼzi xatti-harakatlar oʻrganilgan va tugʻma elementlarga ham ega. Masalan, vyuroklar sayrashga genetik jihatdan dasturlashtirilgan, ammo ular qaysi kuyni sayrashi otalaridan qaysi kuyni eshitganiga bogʻliq.
Ushbu maqolada biz hayvonlarda mavjud boʻlgan oʻrganilgan xatti-harakatlarning baʼzi misollarini koʻrib chiqamiz. Yangi joyga moslashish va iz qoldirish kabi oddiylaridan boshlaymiz, soʻng klassik va operativ chiniqish kabi murakkab holatlarga oʻtamiz.

Oddiy oʻrganilgan xatti-harakatlar

Oʻrganilgan xatti-harakatlar, garchi ular tugʻma yoki mustahkamlovchi tarkibiy qismlarga ega boʻlsa ham, individual organizmning atrof-muhitdagi oʻzgarishlarga moslashishiga imkon beradi. Oʻrganilgan xatti-harakatlar oldingi tajribalar taʼsirida oʻzgartiriladi; oddiy oʻrganilgan harakat misollari yangi joyga moslashish va iz qoldirishni oʻz ichiga oladi.

Yangi joyga moslashish

Yangi joyga moslashish oʻrganishning oddiy shakli boʻlib, unga takroriy taʼsir oʻtkazilgandan soʻng, hayvon stimulga yoki signalga javob berishni toʻxtatadi. Bu assotsiativ boʻlmagan taʼlimning bir shaklidir, yaʼni stimul hech qanday jazo yoki mukofot bilan bogʻliq emasligini anglatadi.
Masalan, odatda yovvoyi itlarga yirtqich tomonidan tahdid qilinganda, ular ogohlantiruvchi tovush chiqaradi. Dastlab ular odamning qadam tovushini eshitganida javob tariqasida katta va qorni och hayvon kelayotganini bildiruvchi tovush chiqarishadi.
Biroq odamning qadam tovushi hech qanday koʻngilsiz hodisalar bilan bogʻliq boʻlmaganligi bois yovvoyi itlar bu tovushga odatlanib qoladi. Oxir-oqibat ular oyoq tovushlariga javoban ovoz chiqarishni toʻxtatadi. Ushbu misolda yangi joyga moslashish insonning qadam tovushiga qiyoslanadi, chunki hayvonlar hali ham kuchli yirtqichlarning tovushlariga javoban tovush chiqarishadi.

Iz qoldirish

Iz qoldirish bu – oʻrdak va gʻoz kabi ayrim hayvonlarning rivojlanishi davomida maʼlum bir yoshda yoki hayot davomida yuzaga keladigan oddiy va juda oʻziga xos oʻrganish turi. Oʻrdakchalar tuxumdan chiqqanda, ular birinchi koʻrgan katta oʻrdakning (odatda onalarining) izidan borishadi. Oʻrdakcha oʻz onasiga bogʻlangandan soʻng, onaning koʻrinishi onaning ketidan ergashish va unga taqlid qilish singari yashashni targʻib qiluvchi xatti-harakatlar toʻplamini qoʻzgʻatishga yordam beradi.
Manba: Behavioral biology: Figure 6 / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0
Oʻrdakchalar onasining ketidan yurishi kabi dasturlangan xatti-harakat tugʻma emasligini qanday bilishimiz mumkin? Yaʼni iz qoldirish tajriba orqali oʻrganiladigan jarayon ekanini qanday aniqlashimiz mumkin? Agar yangi tugʻilgan oʻrdak yoki gʻozlar oʻz onasini koʻrmasidan oldin inson qiyofasini koʻrsa, ular insonga bogʻlanadi va xuddi oʻz onasiga ergashgani singari insonning ortidan ergashadi.
Iz qoldirishdan foydali maqsadda foydalanishga qiziq bir misol tariqasida joʻjalarini asirlikda oʻstirish orqali yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida boʻlgan turnalarni asrab qolishga urinishlarni keltirish mumkin. Biologlar yosh qushlarga gʻamxoʻrlik qilish davomida xuddi turnalarga oʻxshash qiyofada kiyinib olishadi va shu orqali qushlarni odamlarga emas, balki kostyumning bir qismi boʻlgan turnalar manikenlariga bogʻlanishiga ishonch hosil qilishadi. Oxir-oqibat ular qushlarga oʻta yengil samolyotlar yordamida migratsiya qilishni oʻrgatishadi va ularni yovvoyi tabiatda yashashga tayyorlashadi.2,3
Manba: chap, kiyingan inson, Steve Hillebrand/USFWS, CC BY 2.0; oʻng, migratsiya uchun moʻljallangan ultrayengil samolyot, USFWS, CC BY 2.0

Shartli xatti-harakatlar

Shartli xatti-harakatlar assotsiativ oʻrganishning natijasi boʻlib, quyidagi ikki shaklda uchraydi: klassik chiniqish va operativ chiniqish.

Klassik chiniqish

Klassik chiniqishda bir stimul bilan bogʻliq boʻlgan javob ilgari oʻzaro bogʻlanish boʻlmagan ikkinchi stimul bilan ham bogʻliq boʻladi. Klassik chiniqishning eng mashhur namunasi Ivan Pavlovning tajribasi: bu tajribada ilgarigi ovqat bilan oʻzaro bogʻliqlik borligi uchun qoʻngʻiroq tovushini eshitgan itlarda soʻlak ajrala boshlagan.
Pavlov kuzatganidek va siz ham payqaganingizdek, ovqat koʻrinishi yoki uning hidiga javoban itlarda soʻlak ajrala boshlaydi. Itlarning ushbu xatti-harakati hech qanday oʻrganishsiz bajariladi. Klassik chiniqishda esa mavjud stimul-javob juftligi ikki qismga ajratiladi, bular shartsiz stimul, yaʼni ovqatning koʻrinishi yoki hidi va shartsiz javob, yaʼni soʻlak oqishi.
Manba: Behavioral biology: Figure 7 / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0
Pavlovning tajribalarida har safar itga ovqat berilganda shartsiz stimul bilan bir qatorda yana bir stimul berib boriladi. Xususan, it ovqat berilishi bilan bir vaqtning oʻzida qoʻngʻiroq tovushini ham eshitadi. Ovqat bilan birlashtirilgan qoʻngʻiroq tovushi bu shartli stimulning namunasidir – yangi stimul shartsiz stimul bilan parallel ravishda taʼsir ettiriladi.
Manba: Behavioral biology: Figure 7 / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0
Vaqt oʻtishi bilan itlar qoʻngʻiroq tovushini ovqat bilan bogʻlashni va soʻlak ajralishi bilan javob qaytarishni oʻrganadi. Oxir-oqibat qoʻngʻiroq chalinganda hech qanday shartsiz stimul, yaʼni ovqat berilmasa ham, soʻlak ajralishi orqali javob qaytarishadi. Ushbu yangi, sunʼiy ravishda yaratilgan stimul-javob juftligi shartli stimul, yaʼni qoʻngʻiroq tovushi va shartli javob, yaʼni soʻlak oqishidan iborat.
Manba: Behavioral biology: Figure 7 / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0
Shartsiz javob, yaʼni ovqatga nisbatan soʻlak ajralishi reaksiyasi, shartli javob, yaʼni qoʻngʻiroq tovushiga boʻlgan reaksiya bilan bir xilmi? Unchalik ham emas. Pavlov itlarda shartli stimul taʼsirida ajralgan soʻlak shartsiz stimul taʼsirida ajralgan soʻlakdan farq qilishini aniqladi.

Operativ chiniqish

Operativ chiniqish klassik chiniqishdan biroz farq qiladi, chunki u mavjud stimul-javob juftligiga tayanmaydi. Buning oʻrniga har qanday organizm biron-bir xatti-harakatni amalga oshirganda yoki xatti-harakatni amalga oshirish uchun oraliq qadam qoʻyganda unga mukofot yoki jazo beriladi. Dastlab organizm xatti-harakatni, masalan, dastakni bosishni tasodifan amalga oshirishi mumkin. Mustahkamlash orqali organizm xatti-harakatni koʻproq yoki kamroq bajarishga majbur boʻladi.
Operativ chiniqishning ilk taniqli tadqiqotchisi psixolog B. F. Skinner hisoblanadi. U Skinner qutisini ixtiro qilgan, quyidagi rasmga qarang. Skinner kalamushlarni dastakli qutiga joylashtirgan va kalamushlar har safar dastakni itarganda ovqat bilan taqdirlangan. Avvaliga kalamush dastakni tasodifan itaradi, keyin esa ovqat olish uchun itaradi. Vaqt oʻtishi bilan kalamush ovqat olish uchun dastakni tobora tez-tez itarishni boshlaydi.
Manba: Skinner qutisi, Andreas1, CC BY-SA 3.0; rasm CC BY-SA 3.0 litsenziyasi asosida oʻzgartirildi.
Skinnerning hamma tajribalari ham yoqimli muolajalardan iborat emas. Qutining pastki qismida kalamushlarga jazo sifatida elektr toki urishi mumkin boʻlgan metall panjara mavjud. Kalamush har safar maʼlum bir xatti-harakatni amalga oshirganda elektr toki uradi va u tezda oʻzini toʻxtatishni oʻrganadi. Ushbu misollar ijobiy va salbiy mustahkamlashlar operativ chiniqishda organizmning xatti-harakatlarini shakllantirish uchun ishlatilishini koʻrsatadi. Ux! Bechora kalamushlar!
Operativ chiniqish aksariyat hayvonlarning mashgʻulotlari asosidir. Masalan, itingiz har safar oʻtirganda, umboloq oshganda yoki vovullamaganida unga pechenye berishingiz yoki “Yaxshi it!” deb maqtashingiz mumkin. Aksincha, elektrlashtirilgan panjara bilan oʻralgan dala sigirlari tezda toʻsiqdan qochishga oʻrganadi.4
Ushbu misollardan koʻrinib turibdiki, mustahkamlash orqali operativ chiniqish hayvonlarning tabiiy ravishda bajarmagan xatti-harakatlarini qilishga yoki oʻz repertuarining bir qismi boʻlgan xatti-harakatlarni qilmasligiga olib kelishi mumkin.

Oʻrganish va aqliy salohiyat

Odamlar, boshqa primatlar va ayrim primat boʻlmagan hayvonlar klassik yoki operativ chiniqish sarlavhasiga mos kelmaydigan murakkab oʻrganishlarga qodir. Hayvonlarda masalalarni yechish va murakkab fazoviy oʻrganishga oid baʼzi misollarni koʻrib chiqamiz.

Shimpanzelarda masalalarni hal qilish

Nemis olimi Volfgang Köhler shimpanzelarda muammolarni hal qilish boʻyicha baʼzi dastlabki izlanishlarni amalga oshirdi. U shimpanzelar mavhum fikrlashga qodirligini va jumboqni hal qilishdan oldin natijani oʻylab, yechim topishi mumkinligini aniqladi.
Masalan, bitta tajribada Köhler shimpanzelarning qafasiga bananni juda balandga ilib qoʻygan. Bir nechta qutilar ham tasodifiy tarzda polga joylashtirilgan. Ushbu holatga duch kelgan ayrim shimpanzelar, bir nechta notoʻgʻri urinishlar va umidsizliklardan soʻng, qutilarni bir-birining ustiga qoʻyib, ularning ustiga chiqib, bananni olishgan. Ushbu xatti-harakat shundan iboratki, ular xatti-harakatni bajarishdan oldin qutilarni yigʻish natijasini tasavvur qilgan boʻlishi mumkin.5

Kalamushlarda fazoviy oʻrganish

Oddiy bogʻlanishlar doirasidan tashqariga chiqadigan oʻrganish faqatgina primatlar bilan chegeralanmaydi. Masalan, 1920-yillarda labirintlar bilan ishlaydigan tajribalar (quyida koʻrsatilgan labirint) kalamushlar fazoviy murakkab oʻrganish qobiliyatiga ega ekanini isbotlaydi.6,7
Manba: Behavioral biology: Figure 9 dan olinib, OpenStax College, Biology tomonidan oʻzgartirilgan, CC BY 4.0; Blodgettning6 original nashriga asoslanib, Tolman7 tomonidan qayta ishlab chiqilgan.
Ushbu tajribada kalamushlar uch guruhga boʻlingan:
  • Guruh I: birinchi kundan boshlab kalamushlar labirintning oxirida ovqatlantiriladi.
  • Guruh II: kalamushlar ovqatlantirilishidan oldin ketma-ket 6 kun davomida labirint oxiriga joylashtiriladi.
  • Guruh III: kalamushlar ovqatlantirilishidan oldin ketma-ket 3 kun davomida labirint oxiriga joylashtiriladi.
Ajablanarli emas, boshidanoq ovqat bilan mukofotlangan kalamushlar mukofot olmagan kalamushlarga qaraganda tezroq oʻrganishgan – labirintdan chiqishda xatolar soni keskin kamaygan. Ammo eng diqqatga sazovor tomoni Guruh II va Guruh III larga ovqat berilgandan soʻng nima sodir boʻlganidir.
Manba: Behavioral biology: Figure 9 dan olinib, OpenStax College, Biology tomonidan oʻzgartirilgan, CC BY 4.0; Blodgettning8 original nashriga asoslanib, Tolman9 tomonidan qayta ishlab chiqilgan.
Ikkala guruhda ham ovqat berilgan kunning ertasi kuni kalamushlarning xatolari soni keskin kamaydi va Guruh I ga deyarli yetib oldi. Ushbu namuna oldingi kunlarda Guruh II va Guruh III dagi kalamushlar aslida aqliy xarita tuzib, samarali oʻrganayotganini anglatadi. Shunchaki ovqat berilmaguncha ularda oʻrganishni namoyish qilish uchun sabab yoʻq edi!
Ushbu natijalar kalamushlar bevosita mukofot boʻlmagan taqdirda ham, boshqacha qilib aytganda, mustahkamlashsiz ham murakkab fazoviy oʻrganishga qodirligini koʻrsatmoqda. Keyinchalik tajribalar kalamushlar shartli ketma-ket burilishlarni oʻrganishdan koʻra oʻz ongida labirintning tasvirini (labirintning xaritasini) yaratishini tasdiqladi.