If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Tug‘ma xatti-harakatlar

Hayvonlarning genlarida oldindan dasturlashtirilgan xatti-harakatlar, shu jumladan, reflekslar va qatʼiy harakatlar haqida bilib oling.

Asosiy tushunchalar

  • Tugʻma xatti-harakat bu organizmda genetik jihatdan dasturlashtirilgan xatti-harakat boʻlib, hech qanday oldingi tajribasiz signalga javoban toʻgʻridan toʻgʻri amalga oshiriladi.
  • Shifokor koʻrigida tekshiriladigan tizza refleksi va chaqaloqlarning emish refleksi kabi refleks harakatlar juda oddiy tugʻma harakatlardir.
  • Baʼzi organizmlar stimulga javoban tugʻma kinezis (harakatning yoʻnaltirilmagan oʻzgarishi) va taksisni (harakatning yoʻnaltirilgan oʻzgarishi) amalga oshiradilar.
  • Harakatning belgilangan qonuniyatlari kalit stimul tomonidan qoʻzgʻatilgan harakatlardan tashkil topgan. Stimul boʻlmagan taqdirda ham qonuniyat tugallanadi.
  • Olimlar xatti-harakat tugʻma yoki tugʻma emasligini oʻrgatilmagan yoki shugʻullantirilmagan hayvonlarga stimul berib, uning xatti-harakati avtomatik ravishda ishga tushishini tekshirish orqali sinab koʻrishlari mumkin.

Kirish

Agar siz baliqchi qush (chayka) polaponlariga gʻamxoʻrlik qilayotganini kuzatsangiz, ovqatlanish paytida ularning qiziq odatini payqashingiz mumkin. Onaning tumshugʻida qizil dogʻ bor. Tumshugʻini yerga tekkizganida, polapon oʻsha qizil dogʻni bir necha marotaba choʻqiydi.
Ushbu jarayon onada javobiy reaksiyani qoʻzgʻatadi: u bolalari uchun ovqatni tashlaydi.1 Bu biz uchun qoʻpol boʻlib tuyulishi mumkin, lekin chayka joʻjalari uchun bu kechki ovqatga pitsadek gap!
Yevropa baliqchi qushi, Germaniya, Hayligengafen shahri. Chapda ogʻzida baliq tutgan baliqchi qush polaponlari bilan. Manba: chapda “European herring gull in Heiligenhafen” / Aiwok, CC BY-SA 3.0; oʻngda “Repas Goéland argenté” / Jeje42, CC BY-SA 3.0
Tumshugʻini yerga tekkizish xatti-harakati tugʻma yoki genetik jihatdan oldindan dasturlangan. Chayka joʻjalari ota-onalarining tumshugʻidagi qizil nuqtani oldindan hech qanday tayyorgarliksiz ham choʻqiyveradi. Aslida, chayka joʻjasi qizil nuqtasi bor sariq tayoqqa ham aldanishi mumkin, u tayoqni xuddi onasini choʻqigandek choʻqiyveradi.2
Bu – tugʻma xatti-harakat yoki organizmga genetik jihatdan dasturlashtirilgan xatti-harakatning bir misoli. Mos signallar berilganda organizm tugʻma xatti-harakatni oldindan tajriba va oʻrganishga ehtiyoj sezmasdan amalga oshiradi. Tugʻma xatti-harakatlarni koʻpincha oldindan taxmin qilish mumkin va ular xuddi chayka qushlarida kuzatilgani kabi koʻpincha turlarning barcha aʼzolari tomonidan juda oʻxshash tarzda amalga oshiriladi.
Ushbu maqolada biz asosan yoki toʻliq tugʻma boʻlgan xatti-harakatlarga misollarni koʻrib chiqamiz. Shuni yodda tutingki, real hayotimizda koʻplab xatti-harakatlar qisman tugʻma va qisman oʻrganilgan. Masalan, zebra chiziqli vyuroklar kuylashni oʻrganishga oldindan dasturlashtirilgan, ammo qaysi kuyni oʻrganish ularning ilk tajribalariga bogʻliq.

Reflekslar

Tugʻma xatti-harakatning eng oddiy misoli, ehtimol, bu refleks harakat: signalga yoki stimulga beixtiyor va tezkor berilgan reaksiya.
Insonning refleks harakatlariga bitta misol bu tizza refleksi. Ushbu refleksni tekshirish uchun shifokor tizza qopqogʻining pastrogʻidagi payga rezina bolgʻacha bilan uradi. Natijada atrofdagi neyronlar faollashib, oyoqning quyi qismi beixtiyor tepkini hosil qiladi. Ushbu avtomatik javob tizza va orqa miya oʻrtasida ishlaydigan neyronlar zanjirlariga bogʻliq, bu miyaning ishtirokisiz sodir boʻladi.
Baʼzi reflekslar goʻdaklarda uchraydi, ammo bola ulgʻaygani sayin yoʻqoladi yoki ongli nazoratga olinadi. Masalan, yangi tugʻilgan chaqaloq ogʻziga tegadigan har qanday narsani soʻradi.3 Bu refleks chaqaloqning ona koʻkragidan yoki ogʻziga solingan idishdan emishini taʼminlash orqali oziqlanishiga yordam beradi.
Sunʼiy oziqlantirilayotgan goʻdak. Manba: Baby bottle / Dirk (Beeki) Schumacher, public domain

Kinezis va taksis

Baʼzi ozganizmlar yuqori harorat yoki mazali ozuqa manbasi kabi stimulga javoban xatti-harakatlarini oʻzgartirish tugʻma xulq-atvoriga ega.
Kinezis holatida organizm harakatni yoʻnaltirilmagan shaklda oʻzgartiradi, masalan, signalga javoban tezlashadi yoki sekinlashadi. Misol uchun, eshakqurt (zaxkash) havo haroratiga qarab oʻz tezligini oʻzgartiradi. Harakatlar tasodifiy, ammo yuqori tezlik eshakqurtning yomon muhitdan chiqib ketish ehtimolini oshiradi.
Eshakqurt. Manba: Common rough woodlouse / JMK, CC BY-SA 3.0
Taksis – bu stimulga qarab yoki undan teskari harakatlanishni oʻz ichiga oladigan xatti-harakatlar shakli. Ushbu harakat fototaksis deb nomlanuvchi yorugʻlikka javoban, xemotaksis deb ataladigan kimyoviy signallarga javoban yoki geotaksis deb nomlanuvchi gravitatsiyaga javoban boʻlishi mumkin. Shuningdek, u stimul manbasi tomon harakatlanishi (ijobiy) yoki stimul manbasidan qochishi mumkin (salbiy).
Masalan, eshakqurtlar salbiy fototaksisni namoyon qiladi, demak, ular yorugʻlikdan qochadi.4 Bu xatti-harakatlar ular uchun foydali boʻlishi mumkin, chunki eshakqurtlar nam muhitni talab qiladi va quyoshli, yorugʻ joy ular uchun issiqlik qilishi va quruq boʻlishi ehtimoli koʻproq.

Harakatlarning belgilangan qonuniyatlari

Harakatlarning belgilangan qonuniyatlarikalit stimul tomonidan qoʻzgʻatilgan, oldindan taxmin qilish mumkin boʻlgan harakatlar ketma-ketligidan tashkil topgan. Belgilangan harakatlar reflekslarga qaraganda ancha murakkab boʻlsa-da, ular avtomatik va beixtiyoriy sodir boʻlmaydi. Harakat qoʻzgʻatilgach, hatto stimul olib tashlangan boʻlsa ham harakat davom etadi.
Biz maqolaning kirish qismida harakatlarning belgilangan qonuniyatlariga misol keltirdik: baliqchi qushlardagi qizil nuqta, dogʻni choʻqish xatti-harakati. Endi esa harakatlarning belgilangan qonuniyatlari qanday ishlashini koʻrsatadigan boshqa misollarni koʻrib chiqamiz.

Tematik vaziyat: tuxumni qaytarish

Harakatlarning belgilangan qonuniyatlarining chuqur oʻrganib chiqilgan misollaridan biri kulrang gʻozlar singari quruqlikka in quradigan suv qushlarida uchraydi. Agar urgʻochi kulrang gʻozning tuxumi oʻz inidan chiqib qolsa, u beixtiyor, stereotipli, oldindan aytish mumkin boʻlgan harakatlar ketma-ketligida tuxumni iniga qaytaradi. Tuxumning indan tashqarida koʻrinishi – bu qaytarish harakatlarini qoʻzgʻatuvchi stimul.
Tabiiy tanlanish nega bu dasturlangan belgini afzal koʻrishini tasavvur qilish qiyin emas. Yoʻqolgan tuxumlarni topib, uyaga qaytaradigan ona gʻozlar oʻrtacha hisobda bu belgiga ega boʻlmagan gʻozlarga qaraganda koʻproq tuxum ochishga muvaffaq boʻlishadi.
Kulrang gʻoz va uning ini. Manba: chapda “Greylag goose” / Davron Iliff, CC BY-SA 3.0; oʻngda “Goose nest on Fadamull ” / Gordon Hatton, CC BY-SA 2.0
Ammo ushbu belgilangan harakatlar qonuniyati foydali boʻlmagan vaziyatlarda, boshqacha qilib aytganda, gʻozga foyda keltirmaydigan holatlarda ham yuzaga kelishi mumkin:
  • Uyadan yumalab chiqib ketgan tuxum olib tashlansa ham, gʻoz xayoliy tuxumni itarganday boshini silkitaveradi.
  • Gʻoz tuxum shaklidagi har qanday narsani, masalan, golf toʻpi gʻoz inining yoniga qoʻyilsa ham uni iniga kirgizishga harakat qiladi. Aslida u volleybol toʻpidek keladigan kattaroq narsa qoʻyilganda ham shu xatti-harakatini bajaradi!
Ushbu misol belgilangan harakatlar qonuniyatlarining aynan belgilangan jihatini namoyish etadi. Gʻoz tabiatda duch kelishi mumkin boʻlgan holatlarning aksariyatida iniga yaqin boʻlgan tuxumga oʻxshash har qanday narsani iniga kirgizish harakati u uchun foydali boʻladi. Ammo bu shunchaki biologik dastur boʻlib, u stimulga javoban ishlaydi va noodatiy holatlarda befoyda natijalarga olib kelishi mumkin.

Tematik vaziyat: tikanbaliq

Belgilangan harakatlar shakllarining yana bir klassik namunasi uch tikanakli, kichik chuchuk suv havzalarida yashovchi tikanbaliq – “Gasterosteus aculeatus”. Urchitish davrida erkak tikanbaliqlarning qorin boʻshligʻida qizil dogʻ paydo boʻladi va boshqa erkak tikanbaliqlarga nisbatan tugʻma tajovuzkor xatti-harakatlarni namoyon qiladilar.
Agar erkak tikanbaliq yaqin atrofida boshqa erkak tikanbaliqni koʻrib qolsa, u begonalarni qoʻrqitishga moʻljallangan tajovuzkor displeylarni oʻz ichiga olgan belgilangan harakatlar qonuniyatlarini ishga soladi. Ushbu belgilangan harakatlar qonuniyatlarini qoʻzgʻatuvchi oʻziga xos stimul bu urchitish davrida erkaklarga xos boʻlgan qorindagi qizil rangdir.
Biz bu qoʻzgʻatuvchi signal ekanini qayerdan bilamiz? Laboratoriyada tadqiqotchilar erkak baliqlarga quyida koʻrsatilganidek pastki yarim qismi qizil rangga boʻyalgan, ammo baliqqa oʻxshamaydigan narsalarni koʻrsatishdi. Erkak tikanbaliqlar obyektlarga xuddi boshqa erkak tikanbaliqlarga boʻlgani kabi tajovuzkor munosabatda boʻlishdi. Aksincha, oq rangli jismlarga nisbatan esa erkak tikanbaliqlarda hech qanday reaksiya kuzatilmadi.5
Manba: Behavioral biology: Figure 1 / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0
Baʼzi bir tafsilotlarga koʻra, ushbu belgilangan harakatlar qonuniyati erkak tikanbaliq joylashgan akvarium oldidan oʻt oʻchirish mashinasi oʻtganida ham qoʻzgʻalgan ekan!6

Xatti-harakat tugʻma ekanini qanday bilamiz?

Taʼrifga koʻra, tugʻma xatti-harakat oʻrganilgan emas, balki organizmda genetik jihatdan dasturlangan. Ammo biologlar xatti-harakat tugʻma ekanini qanday aniqlaydilar?
Umuman olganda, olimlar xatti-harakatning tugʻma ekanini sodda, oʻz tajribasi orqali biror-bir xatti-harakatni oʻrganish imkoniga ega boʻlmagan hayvonlarda tekshirib aniqlashadi. Masalan, bu yosh hayvonlarni katta yoshlilardan va harakatni qoʻzgʻatuvchi stimullardan ajratib katta qilishni oʻz ichiga olishi mumkin.
Masalan, dala sichqoni va plyaj sichqonining qazish harakatlarini koʻrib chiqaylik. Ushbu turlar bir-biriga juda yaqin va oʻzaro chatishishi mumkin, ammo ular ikki xil muhitda yashaydi va turli in qazish harakatlariga ega:7
  • Dala sichqoni kichkina, qisqa in qaziydi.
  • Plyaj sichqoni esa yirtqichlardan uzoqlashish uchun “orqa eshik” yoki qochish tunneli boʻlgan uzun yoʻl qaziydi.
Tutqunlikdagi dala sichqoni “Peromyscus maniculatus” va Alabama plyaj sichqoni “Peromyscus polionotus ammobates”. Manba: yuqoridan chapda Captive bred Peromyscus maniculatus / 6th Happiness, CC BY-SA 3.0; yuqori oʻngda Alabama beach mouse (Peromyscus polionotus ammobates) / Jackie Isaacs/USFWS, public domain; Veber va boshqa mualliflarning ishiga asoslangan sichqonlarning yer qazish rasmi8 (1-chizma)
In qazishdagi bu farq tugʻmami? Ushbu savolga javob berish uchun tadqiqotchilar laboratoriyada ikkala turdagi sichqonlarni qum sharoitlarisiz yoki in qazishga imkon bermasdan katta qilishdi. Keyin ular in qazish uchun signal – qumli muhitga chiqarildi.
Berilgan qumda har ikkala sichqon turi ham tabiatda oʻz turlari tomonidan qazilgan inlarga oʻxshash in qazishgan.9 Yaʼni plyaj sichqonlari qochish tunneliga ega uzun in qazishgan, dala sichqonlari esa qochish tunnelisiz qisqa in qazigan. Sichqonlarning ilgari hech qachon bunaqa tunnellarni koʻrmagani holda odatdagi in qazish xatti-harakatiga ega ekanligi bu qobiliyat ularda chindan ham tugʻma ekanligini koʻrsatadi.

Mavzu boʻyicha bilimingizni sinab koʻring

Quyidagilardan qaysi biri harakatning belgilangan qonuniyatlariga eng yaxshi taʼrif beradi?
Bitta javobni tanlang: