If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Prokariot organizm metobalizmi

Prokariotlar energiya va ozuqa moddalarni qanday oʻzlashtiradi. Xemotroflar va fototroflar. Geterotroflar va avtotroflar.

Asosiy tushunchalar:

  • Ayrim prokariotlar fototrof boʻlib, quyoshdan energiya oladi. Boshqalari esa xemotrof boʻlib, kimyoviy moddalardan energiya oladi.
  • Ayrim prokariotlar avtotrof boʻlib, uglerodni CO2 dan oladi. Boshqalari esa geterotrof boʻlib, uglerodni boshqa organizmlarning organik moddalaridan oladi.
  • Prokariotlar aerob (kislorod talab qilinadigan) yoki anaerob (kislorodga asoslanmagan) metabolizm amalga oshiradi, ayrimlari esa sharoitga qarab ham aerob, ham anaerob boʻlishi mumkin.
  • Baʼzi prokariotlar azot yoki oltingugurt saqlovchi birikmalarning metabolizmiga imkon yaratuvchi maxsus fermentlar yoki yoʻllarga ega.
  • Prokariotlar ozuqa moddalarining ekosistema boʻylab aylanishida muhim ahamiyatga ega.

Kirish

Umuman olganda, siz va men anchagina cheklangan oʻzimizni boqish yoʻllariga egamiz. Biz faqat sabzavotlardan muzqaymoqqacha boʻlgan narsalar ustida qaror qabul qilishimiz mumkin (va umid qilamanki, ikkalasidan ham yetarli darajada bahramand boʻlamiz). Biz fotosintezni amalga oshirish ehtimolidan ancha yiroqdamiz. Bundan tashqari, biz mazali nonushta uchun vodorod sulfid (chirigan tuxum hidini beradigan modda) isteʼmol qilishga ham qodir emasmiz.
Prokariotlar (bakteriyalar va arxeylar) oziqlanish uslubi boʻyicha insonlardan ancha farq qiladi, yaʼni ular uglerod birikmalari (yonilgʻi molekulalari) va energiya olish yoʻli bilan farqlanadi. Ayrim turlari oʻlik oʻsimliklar va hayvonlardagi organik moddalar bilan oziqlanadi. Boshqalari esa togʻ jinslaridagi anorganik moddalar hisobiga yashaydi. Thiobacillus concretivorans bakteriyasi metallni suyultiruvchi sulfat kislotasi hisobiga yashaydi!1
Ushbu maqolada biz prokariotlarning ozuqa topishi va metabolizmi hamda ularning oziq moddalar almashinuvi sikliga taʼsir qiladigan koʻplab yoʻllar (metabolik yoʻllar) bilan tanishib chiqamiz.

Oziqlanish usullari

Yer yuzidagi barcha hayot shakllari ularning hujayralarini tashkil qiladigan makromolekulalarni hosil qilish uchun energiya va uglerod birikmalariga (organik molekulalar tarkibiga kiruvchi uglerodga) muhtojdir. Bu insonlar, oʻsimliklar, zamburugʻlar va albatta, prokariotlarga ham tegishlidir. Tirik organizmlar energiya va uglerodni qaysi yoʻl bilan olishiga koʻra farqlanadi.
Birinchi navbatda biz organizmlarni uglerod (foydali) birikmalarini qayerdan olishiga koʻra turli kategoriyalarga ajratamiz:
  • Uglerodni karbonat angidriddan (CO2) yoki boshqa anorganik birikmalardan oluvchi organizmlar avtotroflar deb ataladi.
  • Uglerod birikmalarini boshqa organizmlarning organik birikmalaridan (ularni yoki ularning qoldiqlarini yeyish orqali) oladigan organizmlar geterotroflar deb ataladi.
Shuningdek, biz organizmlarni ularning energiyani qaysi manbadan olishiga qarab farqlashimiz mumkin:
  • Yorugʻlik (asosan quyosh)dan energiya manbai sifatida foydalanuvchi organizmlar fototroflar deb ataladi.
  • Kimyoviy moddalardan energiya manbai sifatida foydalanuvchi organizmlar xemotroflar deb ataladi.
Biz prokariotlarni (va boshqa organizmlarni) ularning energiya va uglerod manbalariga koʻra toʻrt sinfga ajratishimiz mumkin:
Oziqlanish usuliEnergiya manbaiUglerod manbai
FotoavtotrofYorugʻlikKarbonat angidrid (yoki shunga oʻxshash moddalar)
FotogeterotrofYorugʻlikOrganik moddalar
XemoavtorofKimyoviy moddalarKarbonat angidrid (yoki shunga oʻxshash moddalar)
XemogeterotrofKimyoviy moddalarOrganik moddalar
Biz fotoavtotroflar (oʻsimliklar) va xemogeterotroflar (odamlar va boshqa hayvonlar) bilan yaxshi tanishmiz. Prokariotlarning turlari ushbu ikki kategoriyaga, shu bilan birga, oʻsimliklar va hayvonlar kirmaydigan, ikkita kamroq tanish boʻlgan kategoriyaga (fotogeterotroflar va xemoavtotroflar) ham kiradi. 2,3

Aerob va anaerob nafas olish

Prokariotlarning insonlardan farq qiladigan yana bir metabolik jihati (ular bizdan koʻra ancha xilma-xildir!) ularning kislorodga boʻlgan ehtiyojidir. Ayrimlari unga muhtoj, ayrimlari undan zaharlanadi, ayrimlari esa kislorod bor yoki yoʻqligiga qarab undan foydalanadi.
  • Moddalar almashinuvi uchun O2 ga ehtiyoj sezadigan prokariotlar obligat aeroblar deyiladi. Odamlar ham obligat aeroblardir (nafasingizni biroz uzoqroq ushlab tursangiz, bunga guvoh boʻlasiz).
  • O2 mavjud muhitda yashay olmaydigan va moddalar almashinuvi faqat anaerob tarzda kechadigan prokariotlar obligat anaeroblar deb ataladi. Botulizmni (ovqatdan zaharlanish turi) chaqiradigan C. botulinum bakteriyasi konservalar ichida obligat anaerob holatda oʻsadi – shuning uchun u germetik konservalar ichida yaxshi koʻpayadi.4
  • Fakultativ anaeroblar O2 boʻlganida aerob metabolizmdan foydalanadi, biroq kislorod yoʻq boʻlsa, anaerob metabolizmga oʻtadi. Stafilokokkli va streptokokkli infeksiyani chaqiradigan bakteriyalar fakultativ anaeroblarga misol boʻla oladi.5
Rasm manbasi: “Clostridium botulinum,” the U. S. Centers for Disease Control and Prevention (Public Health Image Library), jamiyat mulki.

Oltingugurt va azot metabolizmi

Ayrim bakteriya va arxeylar ularga azot va oltingugurtni oʻzlashtirishga imkon beruvchi (eukariotlarda boʻlmagan) metabolik yoʻllarga ega. Ayrim hollarda ular energiya olish maqsadida tarkibida azot yoki oltingugurt saqlovchi moddalardan foydalanadi, ammo boshqa holatlarda esa ular ushbu moddalarni bir shakldan ikkinchisiga aylantirish uchun energiya sarflaydi.

Oltingugurt metabolizmi

Oltingugurt bakteriyalarining ayrim ajoyib turlari dengiz tubidagi ekosistemalarda yashaydi. Masalan, baʼzi prokariot turlari vodorod sulfidini (H2S) qaynoq gidrotermal buloqlardan oksidlashi mumkin. Ular ushbu jarayonda ajralgan energiyadan xemosintez deb ataladigan jarayon yordamida suvdagi anorganik uglerodni uglevod yoki boshqa organik moddalarga aylantirish uchun foydalanadi.6
Oltingugurtni oʻzlashtiruvchi prokariotlar asosan dengiz tubidagi gidrotermal buloqlar ekosistemalarida yashaydi. Gidrotermal buloqlardan minerallarga boy boʻlgan geotermal qaynoq suv chiqadi.
_Rasm manbasi: “Shampan bulogʻidagi oq tutatuvchilar.jpg”, NOAA tomonidan taqdim etilgan (jamiyat mulki)._
Oltingugurt metabolizmini amalga oshiruvchi prokariotlar dengiz tubida (u yerda fotosintez kechishi uchun oz boʻlsa ham yorugʻlik nuri tushmaydi) oziq zanjirining asosini tashkil qiladi. Oltingugurt bakteriyalari okean yuzasidan minglab metrlar chuqurlikda yashovchi chuvalchanglar, krablar, krevetkalar kabi organizmlarni oʻz ichiga oluvchi butun biosenozni taʼminlaydi.7

Azot metabolizmi

Azot metabolizmida ishtirok etuvchi prokariotlar oʻz ichiga azot fiksatsiyalovchi, azotni nitrifikatsiyalovchi va denitrifikatsiyalovchi organizmlarni oladi. Ular azot birikmalarini bir shakldan ikkinchisiga aylantirib, azot davriy aylanishida muhim ahamiyatga ega.
Dukkakdoshlar oilasining ayrim vakillari azot fiksatsiyalovchi bakteriyalar bilan simbioz hayot kechiradi. Bakteriyalar oʻsimliklar ildizidagi ildiz tugunchalari deb ataladigan dumaloq tuzilmalarda yashaydi.
Azotni fiksatsiyalovchi prokariotlar atmosferadagi azotni (N2) oʻsimliklar va boshqa organizmlarning organik moddalari tarkibiga kira olishiga imkon beruvchi ammiak molekulasiga (NH3) aylantiradi. Noʻxat kabi dukkaklilar oilasining ayrim vakillari azot fiksatsiyalovchi bakteriyalar bilan birga (simbioz) hayot kechiradi. Oʻsimliklar oʻzlarining ildiz tugunchalarida bakteriyalarga joy berib, ularni boqadi, bakteriyalar esa ildizni oʻzlashtirilgan azot bilan taʼminlaydi.
Nitrifikatsiyalovchi bakteriyalar tuproqda yashaydigan boshqa prokariotlar boʻlib, ammiakni oʻsimliklar oʻzlashtira oladigan boshqa turdagi moddalar (nitratlar va nitritlar)ga aylantiradi. Denitrifikatsiyalovchi bakteriyalar ozmi-koʻpmi buning teskarisini amalga oshiradi va nitratlarni N2 gaziga aylantiradi.

Biogeokimyoviy sikllar

Kimyoviy elementlarning davriy aylanishi ekosistemalar mavjudligining asosiy omilidir. Yer yuzasidagi biogeokimyoviy sikllarda kimyoviy elementlar takrorlanuvchi sikllarda turli shakllarga aylanadi.
Turli-tuman metabolizmlar tufayli prokariotlar koʻpgina global sikllarda asosiy vazifalarni bajaradi. Bu yerda biz quyidagi ikkita funksiya bilan yaqindan tanishamiz: azot va uglerod sikllari.

Azot davriy aylanishi

Oʻtgan boʻlimda koʻrganimizdek, azotni oʻzlashtiruvchi prokariotlar atmosferadagi azotni (N2) ammiakka (NH3) aylantiradi. Oʻsimliklar va boshqa organizmlar ushbu ammiakdan aminokislotalar va nukleotid molekulalarini sintez qilishda foydalanadi.
Tuproqdagi boshqa bir prokariotlar, yaʼni nitrifikatsiyalovchi bakteriyalar, ammiakni oʻsimliklar oʻzlashtira oladigan boshqa turdagi moddalarga (nitratlar va nitritlarga) aylantiradi. Nitratlarni N2 ga aylantiruvchi denitrifikatsiyalovchi bakteriyalar tuproqdagi azot atomlarini atmosferaga qaytaradi.
Quyidagi rasmda azot davriy aylanishi sodda qilib tushuntirilib, prokariotlarning roli taʼkidlab oʻtilgan.
Prokariotlar azot davriy aylanishida bir necha vazifalarni bajaradi. Azot fiksatsiyalovchi bakteriyalar (tuproq va baʼzi oʻsimliklarning ildiz tugunchalarida yashab) atmosferadagi azot gazini ammiakka aylantiradi. Nitrifikatsiyalovchi bakteriyalar ammiakni nitrit yoki nitratlarga aylantiradi. Ammiak, nitritlar va nitratlarning barchasi azot birikmalaridir va oʻsimliklar ularni oʻzlashtira oladi. Denitrifikatsiyalovchi bakteriyalar nitratlarni qayta azot gaziga aylantiradi.
_Rasm manbasi: “Azot davriy aylanishi”, Johann Dreo (CC BY-SA 3.0). CC BY-SA 3.0 ruxsatnomasi asosida qayta ishlangan._

Uglerod davriy aylanishi

Prokariotlar uglerod siklida ham muhim ahamiyatga ega. Sianobakteriyalar kabi fotosintezlovchi prokariotlar atmosferadan CO2 ni oʻzlashtirib, uni organik molekulalar tarkibiga kiritish uchun yorugʻlik energiyasidan foydalanadi. Bu fotosintezlovchi oʻsimliklar bajaradigan jarayon bilan bir xil asoslarga ega.
Redutsent prokariotlar uglerodni qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlantiradi. Ular oʻlik organik (oldin tirik boʻlgan oʻsimlik va hayvon) materiallarni parchalaganida CO2 ni atmosferaga (hujayraviy nafas olish orqali) qaytaradi. Parchalash jarayonida qayta foydalanish uchun turli xil boshqa elementlar va anorganik moddalar ham ajraladi.
Quyidagi rasmda azot davriy aylanishi sodda qilib tushuntirilib, prokariotlarning roli taʼkidlab oʻtilgan.
Prokariotlar uglerod davriy aylanishida bir necha xil vazifalarni bajaradi. Redutsent prokariotlar oʻlik organik moddalarni parchalaydi va hujayraviy nafas olish orqali karbonat angidridni havoga ajratadi. Fotosintezlovchi prokariotlar atmosferadan karbonat angidridni oʻzlashtiradi va ularni uglevodga aylantiradi.
_Rasm manbasi: “Azot davriy aylanishi”, Johann Dreo (CC BY-SA 3.0). CC BY-SA 3.0 ruxsatnomasi asosida qayta ishlangan._

Mavzu boʻyicha bilimingizni sinab koʻring!

  1. Quyidagi bakteriyalarning metabolik strategiyalariga oid jumlalardan qaysi birlari toʻgʻri?
    Toʻgʻri
    Xato
    Ayrim bakteriyalar oʻsimliklarga oʻxshab fotosintez qiladi va havoga kislorod ajratadi.
    Bakteriyalar har doim avtotrof hisoblanadi, biroq ular yorugʻlikdan ham, kimyoviy manbalardan ham energiya olishi mumkin.
    Fotosintez qilish imkoni yoʻq boʻlgan joylarda (yaʼni dengiz tubidagi buloqlar) yashovchi ayrim xemosintezlovchi bakteriyalar atrof-muhitga energiya va uglerod birikmalarini ajratadi.
    Ayrim bakteriyalar xoʻjayin organizmning ichida u bilan simbioz hayot kechiradi va xoʻjayin organizmni oziq moddalar bilan taʼminlaydi.